O‘zbekiston eskrou hisob-kitob tizimini joriy etmoqda: bu xaridorlar va quruvchilar uchun nimani anglatadi
O‘qish vaqti 6 daqiqa
Mazmuni
2025-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda ulushli qurilish sohasida keng ko‘lamli islohot — eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etish amalga oshiriladi. Bu voqea uy-joy xaridorlari, quruvchilar hamda davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi modeliga o‘tishni bildiradi. Jarayonlarning shaffofligi, moliyaviy himoyalanganlik va huquqiy aniqlik asosiy mezonlarga aylanadi.
Eskrou hisob-kitob tizimi qanday ishlaydi?
Yangi tizimning asosiy farqi shundaki, xaridorlarning mablag‘i endi quruvchiga bevosita o‘tkazilmaydi. Buning o‘rniga, pul vaqtinchalik bankdagi maxsus eskrou hisob raqamiga joylashtiriladi va u yerdan faqat qurilish yakunlangandan so‘nggina quruvchiga o‘tkaziladi.
Bu fuqarolarning sarmoyalarini yo‘qotishi, qurilishlarning to‘xtab qolishi va vijdonsiz qurilish kompaniyalari bilan bog‘liq xavf-xatarlarni sezilarli darajada kamaytiradi.
Jahon tajribasi: boshqa davlatlar ko‘chmas mulk xaridorlarini qanday himoya qilmoqda
Rossiya
Rossiya eskrou-hisob raqamlari tizimiga 2019-yildan boshlab o‘tgan. Rossiyada ushbu tizim joriy etilishidan avval xaridorlar ba’zida aldovga uchrardi: pullar yo‘qolib qolar, uylar qurib bitkazilmas, kompaniyalar bankrot bo‘lardi. Bir qator shov-shuvli voqealardan so‘ng, davlat bu tizimni qayta ko‘rib chiqdi va qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritdi..
Endi pullar bankdagi eskrou hisob raqamiga kelib tushadi va uy foydalanishga topshirilgandan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi. Bu jarayon dastlab shubha bilan kutib olindi, ammo ikki yil ichida bozor unga moslashdi. Natija shuki, Rossiya Federatsiyasida eskrou hisobvaraqlari joriy etilganidan buyon xaridorlarning mablag‘lari yo‘qotilishi bilan bog‘liq quruvchi kompaniyalarning bankrotligi holati umuman qayd etilmagan.
BAA (Dubay)
Dubay shahrida 2007-yildan beri barcha yangi qurilishlar uchun eskrou-hisoblar tizimi amal qilmoqda. Qonunga ko‘ra, har bir quruvchi kompaniya har bir loyiha uchun alohida hisob raqami ochishi shart. Xaridorlarning mablag‘lari faqat obyektni qurish uchun ishlatilishi mumkin va bu faqat mustaqil texnik auditor tomonidan qurilish jarayoni tekshirilgandan so‘nggina amalga oshiriladi.
O‘zbekiston uchun nimalar o‘zgarmoqda?
Qonunchilikka ko‘ra quyidagi o‘zgarishlar yuz bermoqda:
• 2025-yil 31-dekabrgacha o‘tish davri amal qiladi: eski tizimdan ham, yangi tizimdan ham foydalanishga ruxsat beriladi.
• 2026-yil 1-yanvardan boshlab yangi uy-joylar uchun barcha hisob-kitoblar faqat eskrou-hisobvaraqlar orqali amalga oshiriladi.
• "Shaffof qurilish" axborot tizimiga uy qurilishining barcha bosqichlarini, shuningdek, sotuvlar dinamikasini kuzatish imkonini beruvchi yangi ulushli qurilish platformasi joriy etiladi.
• Ulushli shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlar Kadastr agentligiga avtomatik tarzda uzatiladi. Bu nazoratni osonlashtiradi va bir xonadonning ikki marta sotilish ehtimolini pasaytiradi. Agentlikda ro‘yxatdan o‘tgach, xaridor obyektga nisbatan talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bu esa ko‘chmas mulkning boshqa xaridorga sotilmasligini kafolatlaydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida qurilayotgan obyektlarga nisbatan talab qilish huquqini sotish va sotib olish bo‘yicha yangi turdagi bitimlar paydo bo‘ladi.
Nima uchun eski modelni qayta ko‘rib chiqish kerak?
Bugungi kungacha O‘zbekistonda qurilish bosqichidagi uy-joylarni sotib olish tizimi zaif bo‘lib kelgan. Xaridorlarning mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchilarga o‘tkazilardi va ular ba’zida bu pullarni boshqa turar-joy majmualariga sarflashardi. Bu esa qurilish muddatlarining buzilishiga, ba’zan esa quruvchining bankrotligiga olib kelardi. Bunday vaziyatda xaridor ham uyidan, ham pulidan mahrum bo‘lib, barcha narsasini yo‘qotardi. Bu holat, ayniqsa qurilish hajmining tez sur’atlar bilan o‘sishi fonida, ko‘chmas mulk bozorida ishonchsizlik muhitini yuzaga keltirdi.
Uy-joy sotib olayotgan fuqarolar uchun eskrou-hisob tizimi xavfsizlikni tubdan oshirishni anglatadi. Endi mablag‘lar insofsiz qurilish kompaniyalari qo‘liga tushmaydi. Qurilish to‘xtatilgan taqdirda, pul bankda saqlanib qoladi va xaridorga qaytariladi. Bundan tashqari, raqamli tizim istalgan vaqtda loyihaning haqiqiy holatini aniqlash imkonini beradi.
Developerlar uchun yangi tizim yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Halol va rejali faoliyat yuritadigan kompaniyalar ustunlikka ega bo‘ladi: mijozlarning ishonchi ortadi, uzluksiz bank moliyalashtirish osonlashadi, ishbilarmonlik obro‘si yuksaladi. Biroq, quruvchilar o‘z biznes jarayonlarini qayta tashkil etishlari, boshlang‘ich kapitalini ko‘paytirishlari, raqamli hisobotni joriy qilishlari va banklarning sinchkov nazorati ostida ishlashlariga to‘g‘ri keladi.
Banklar va davlatning o‘rni
Eskrou-hisobvaraqlarning joriy etilishi bilan bank qurilish bitimlarining ishtirokchisiga aylanadi. U nafaqat ko‘chmas mulk xaridorlarining mablag‘larini saqlaydi, balki qurilishni moliyalashtirish va mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilish orqali xatarning bir qismini o‘z zimmasiga oladi.
Davlat raqamli infratuzilma va nazorat mexanizmlarini yaratib, bitimning har bir bosqichini axborot tizimlarida qayd etish orqali shaffoflikni ta’minlaydi.
Eskrou tizimi olib keladigan eng muhim narsa - falsafaning o‘zgarishidir. Ilgari bozor "so‘zga ishonish" tamoyili asosida faoliyat yuritgan bo‘lsa, endi tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar pul, hujjatlar va qonun bilan kafolatlangan aniq majburiyatlar orqali tartibga solinadi.
O‘zbekistonda eskrou hisobvaraqlar islohoti shunchaki yangilik emas, balki millionlab fuqarolar va yuzlab kompaniyalar manfaatlariga ta’sir ko‘rsatadigan tizimli o‘zgarishdir. Bu ko‘chmas mulk bozorining istiqboliga, fuqarolar huquqlarini himoya qilishga va institutlarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan sarmoya hisoblanadi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday tizimni joriy etish iqtisodiyotning barqarorligini oshiradi, nizolarni kamaytirib, davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
Keyingi maqolamizda eskrou-hisob tizimini joriy etishning xalqaro tajribasiga batafsil to‘xtalamiz. Xususan, bu tizimning Rossiyada qanday ishlayotganini ko‘rib chiqamiz.