Ipoteka yordamida sotib olish bo‘yicha tavsiyalar
O‘qish vaqti 8 daqiqa
Mazmuni
Ipoteka yordamida xonadon sotib olish murakkab jarayon bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq to‘g‘ri yondashuv va aniq harakat rejasi bilan bu jarayon ancha osonlashadi. Quyida sizga turar joy tanlashdan tortib bitimni ro‘yxatdan o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarni tushunishingizga yordam beradigan qadamma-qadam yo‘riqnoma keltirilgan.
Kvartira tanlaymiz
Avvalo, bo‘lajak uyingizning asosiy xususiyatlarini aniqlab oling:
- Hudud va infratuzilma. Jamoat transporti, do‘konlar, maktablar va shifoxonalarga yaqinligiga e’tibor qarating.
- Uy-joy turi. Bu yangi qurilgan bino yoki ikkilamchi bozor bo‘lishi mumkin, har bir variantning o‘ziga xos afzalliklari va kamchiliklari mavjud.
- Mablag‘. Moliyaviy imkoniyatlaringizni, shu jumladan boshlang‘ich to‘lov va kelgusi oylik to‘lovlarni sog‘lom baholang.
- Qo‘shimcha yordam. Agar boshlang‘ich to‘lov uchun mablag‘ yetishmasa, qarindosh-urug‘laringiz yoki do‘stlaringiz yordam bera olish-olmasligini aniqlang.
Agar kvartirani ijaraga berishni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, daromad keltiradigan uy-joyni tanlash ma’qulroq: ixcham bir xonali kvartiralar va istiqbolli hududlarga talab yuqori bo‘ladi.
Yangi qurilgan uydan xonadon xarid qilish
Agar yangi qurilgan uydan kvartira sotib olishni rejalashtirgan bo‘lsangiz quyidagilrga e’tibor qarating:
- Quruvchi kompaniyani tekshiring. Rasmiy veb-sayt, yuridik manzil va ijobiy fikrlarning mavjudligi yaxshi asos hisoblanadi.
- Loyihani sinchiklab o‘rganing. Foydalanishga topshirish muddatlari, zarur kommunikatsiyalarning mavjudligi, rejalashtirish qulayligini aniqlab oling.
- Ta’mirlash xarajatlarini hisobga oling. Ko‘p hollarda "xomaki pardoz bilan" sotib olish qo‘shimcha ta’mirlash xarajatlarini talab qiladi, ammo yangi qurilgan uylar bozorda talabgor va zamonaviyroq bo‘lishi mumkin.
Yangi qurilishlarning afzalligi shundaki, ba’zida quruvchilar muddatli to‘lov va qulay to‘lov shartlarini taklif qilishadi.
Ikkilamchi bozordan xonadon xarid qilish
Ikkilamchi uy-joylar jozibadorligi shundaki, unda allaqachon ta’mirlash ishlari bajarilgan, barcha kommunikatsiyalar ulangan va ko‘p hollarda tayyor jihozlangan bo‘ladi. Biroq quyidagilarga alohida e’tibor qarating:
- Kvartiraning huquqiy tozaligi. Taqiqlar, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzlar yo‘qligiga va mulkdorlik tarixi shubha uyg‘otmasligiga ishonch hosil qiling.
- Mulk egasining hujjatlari. Pasportlar, mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (mulkchilik guvohnomasi, kadastr pasporti)ni so‘rang.
- Haqiqiy holatning obyektga mosligi. Maydoni, rejasi va texnik pasportini solishtiring.
Agar siz yuridik jihatlarni yaxshi tushunmasangiz, malakali huquqshunos yoki rieltor xizmatidan foydalanganingiz ma’qul.
Bank uchun hujjatlarni tayyorlash
Ipoteka uchun ariza topshirish maqsadida ko‘pchilik banklar quyidagilarni talab etadi:
- Pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat (qarz oluvchi va hamqarz oluvchi uchun, agar u mavjud bo‘lsa).
- So‘nggi 12 oydagi daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar: ish joyidan ma’lumotnomalar, soliq deklaratsiyalari va boshqalar.
- Ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha hujjatlar:
-yangi qurilgan uyni sotib olishda - quruvchi bilan tuzilgan shartnoma;
-"ikkilamchi" bozordan xarid qilinganda - mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (egalikni tasdiqlovchi hujjatlar, kadastr ko‘chirmalari va hokazo).
- Bundan tashqari, bank qarz oluvchining moliyaviy barqarorligini tasdiqlovchi qo‘shimcha ma’lumotnomalarni ham so‘rashi mumkin.
Ko‘chmas mulkni baholash
Bank ipoteka krediti berishi uchun kvartiraning qiymatini baholash hisoboti talab etiladi. Buning uchun:
- Baholovchiga huquqni belgilovchi hujjatlarning nusxalarini, YIDXPdan ko‘chirmani yoki quruvchi bilan tuzilgan shartnomani taqdim etasiz.
- Baholovchi obyektni ko‘zdan kechiradi, suratga oladi va bozor qiymati to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi.
- Hisobotni bosma va/yoki elektron shaklda qabul qilib, bankka topshirasiz.
Baholash natijalariga ko‘ra, bank qancha miqdordagi kreditga umid qilish mumkinligini va obyektni garovga olishga tayyorligini aniqlaydi.
Dastlabki shartnomani tuzish
Dastlabki oldi-sotdi shartnomasi bitimning asosiy shartlarini rasmiy rasmiylashtirishdan oldin belgilab olish imkonini beradi. Hujjatda quyidagilar qayd etiladi:
- Tomonlarning ismi-sharifi (xaridor va sotuvchi).
- Kvartira narxi va to‘lov muddatlari.
- O‘zaro hisob-kitoblar tafsilotlari.
- Keyingi harakatlar tartibi (qanday hujjatlar tayyorlanishi, notarial xizmatlar uchun kim va qachon haq to‘lashi kabilar).
- Shartnoma shartlariga rioya qilmaslik uchun tomonlarning javobgarligi.
Bunday shartnoma ikkala tomonga ham ishonch beradi va yakuniy kelishuvga erishish yo‘lida o‘ziga xos "yo‘l xaritasi" vazifasini bajaradi.
Hujjatlarni bankka topshirish
Barcha zarur hujjatlar to‘plamini (pasport, daromadni tasdiqlovchi hujjatlar, baholash hisoboti, shartnomalar yoki ko‘chmas mulk bo‘yicha ko‘chirmalar) yig‘ib, ularni bankka yuborish kerak. Buni quyidagi usullarda amalga oshirish mumkin:
- Bank bo‘limiga shaxsan tashrif buyurib.
- Onlayn tarzda, bank ilovasi yoki veb-saytidagi shaxsiy kabinet orqali (agar bunday imkoniyat mavjud bo‘lsa).
Bank sizning to‘lov qobiliyatingizni va uy-joy hujjatlaringizni yakuniy tekshiruvdan o‘tkazadi. Agar hammasi joyida bo‘lsa, ipoteka krediti olish uchun dastlabki rozilik olasiz.
Ko‘chmas mulk obyektining tasdiqlanishi
Hujjatlar va tekshiruvlar ko‘rib chiqilgandan so‘ng, ko‘chmas mulk obyektining o‘zi tasdiqdan o‘tishi lozim. Bank quyidagilarni baholaydi:
- Bitimning qonuniyligi (ikkilamchi bozor uchun).
- Kvartiraning standartlarga muvofiqligi va likvidlik.
Agar bank obyektni maqbul emas deb topsa, qo‘shimcha hujjatlar talab qilinishi yoki boshqa kvartira tanlash zarur bo‘lishi mumkin. Ijobiy qaror qabul qilinganda, kredit shartlari: muddati, foiz stavkasi, oylik to‘lov miqdori uzil-kesil tasdiqlanadi.
Sug‘urtani rasmiylashtirish
Sug‘urta odatda bankning majburiy talabi hisoblanadi:
1. Qarz oluvchining hayoti va mehnat qobiliyatini yo‘qotish sug‘urtasi - bank uchun xavfni kamaytiradi va xaridorning o‘zini himoya qiladi.
2. Mulk (garov) sug‘urtasi - agar xonadonga biror narsa bo‘lsa, sug‘urta kompaniyasi zararni qoplaydi.
Bank muayyan sug‘urta kompaniyasini tavsiya etishi yoki akkreditatsiyadan o‘tgan tashkilotlar ro‘yxatidan tanlash imkonini berishi mumkin. Sug‘urtadan voz kechilganda, ayrim banklar foiz stavkasini oshiradi.
Yakuniy bitim
Barcha rasmiyatchiliklar hal qilingach, bitim kuni tayinlanadi:
- Notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi imzolanadi.
- Ipoteka shartnomasi rasmiylashtiriladi (ko‘pincha shu kunning o‘zida amalga oshiriladi).
- Pul sotuvchiga o‘tkaziladi (bankning maxsus xonasi, akkreditiv yoki boshqa kelishilgan usul orqali).
- "Ikkilamchi uy-joy" sotib olinganda kvartirani qabul qilish-topshirish dalolatnomasi yoki yangi qurilgan uyda ko‘zdan kechirish dalolatnomasi imzolanadi.
Barcha hujjatlarni yana bir bor sinchkovlik bilan tekshirish va shartlar dastlabki kelishuvlarga mos kelishiga ishonch hosil qilish muhim.
Bitimni ro‘yxatdan o‘tkazish
Yakunlovchi bosqich - mulk huquqini ro‘yxatga olish. Buning uchun:
- Ro‘yxatga olish organlariga murojaat qiling (masalan, YIDXPga).
- Zarur hujjatlarni taqdim eting: oldi-sotdi shartnomasi, davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiya, ariza.
- Endi mulkdor ekanligingizni tasdiqlovchi reestrdan ko‘chirmani oling.
Yangi qurilgan uyni sotib olayotganda, qo‘shimcha ravishda texnik pasport va kadastr hujjatini rasmiylashtirishni hamda barcha kamchiliklar (agar mavjud bo‘lsa) quruvchi tomonidan bartaraf etilganligiga ishonch hosil qilishni unutmang.
Shunday qilib, kvartirani ipotekaga sotib olish jarayoni bir necha bosqichlardan iborat: maqbul variantni tanlash va hujjatlarni to‘plashdan tortib, shartnoma imzolash va mulkni ro‘yxatdan o‘tkazishgacha. Eng muhimi - barcha zarur ketma-ketlikka rioya qilish va yuridik rasmiyatchiliklarga e’tiborli bo‘lishdir. Shunda o‘z xonadoningizni xarid qilish siz uchun imkon qadar qulay va xavfsiz kechadi.