Yangiliklar

O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni sotib olish va sotishda naqd pulsiz shaklga o‘tish rejalashtirilmoqda

O‘qish vaqti 1 daqiqa
2025-yil 1-iyul
O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni sotib olish va sotishda naqd pulsiz shaklga o‘tish rejalashtirilmoqda

Mubin Mirzayevning aytishicha, mamlakatda xufiyona iqtisodiyot ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Mazkur muammoga qarshi kurashish maqsadida qator vazirlik va idoralar hamkorligida prezident qarori tayyorlandi.

“Qarorda asosiy eʼtibor naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirishga qaratildi. Barcha vazirlik va idoralar bilan hujjatdagi normalar bo‘yicha kelishdik va qarorni administratsiyaga taqdim etdik. Qaror ijro etilishi xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashishni tizimli yo‘lga qo‘yishga yordam beradi”, dedi qo‘mita rasmiysi.

Mubin Mirzayev bergan maʼlumotga ko‘ra, qarorda naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmi ko‘chmas mulklar savdosidan boshlanadi.

“Ko‘p davlatlar 2030-yilga borib naqdsiz hisob-kitoblar tizimiga o‘tishni maqsad qilgan. Biz ham eng yirik hisob-kitoblar tizimini naqdsiz shaklga o‘tkazmoqchimiz. Yaʼni buni ko‘chmas mulkdan boshlaymiz. Bugungi kunda uy sotish va sotib olish ko‘pincha naqd pulda amalga oshiriladi. Endilikda to‘lovlarni qonuniy tarzda, bank aylanmasi orqali to‘lash tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Bunda savdo qoidalarini buzmagan holda ishlashni rag‘batlantirish va qonuniy tartiblarga amal qilishni taʼminlash ham ko‘zda tutilmoqda”, dedi tashkilot vakili.
2025-yil 1-iyul

Maqola sizga yoqdimi?

Izohlar